Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, 2010. — 98 b.
Markaziy Osiyo hududida arxiv ishining vujudga kelishi va rivojlanishi qadimiy asoslarga ega bo‘lib, davlatchilik tarixi bilan, kichik va katta davlat uyushmalari barpo qilinishi bilan bog‘liq. Markaziy Osiyoda yozuv paydo bo‘lishi bilan muhim voqea-hodisalarni qanday-dir qattiq ashyolar yuzasiga – devor, tosh, sopol buyumlar, metal, yog‘och va yog‘och taxtachalarga qayd qilib borish amaliyoti paydo bo‘ldi. Shunday qilib, muhim voqealar hujjatlashtirilib borilgan va hujjatlarni saqlash an’anasi paydo bo‘lgan.
Markaziy Osiyo hududida qadimgi davrlarga oid arxiv majmu’alari to‘plamlari topilgan. Masalan, Niso arxivi (Turkmaniston), Ravatak arxivi (Afg‘oniston), Tuproqqala arxivi kabilar shular jumlasidan. Arxiv hujjatlarida parfiyoniy, xorazmiy, yunon-boxtariy va b. Yozuvlardan foydalanilganki, bu qadimiy yozuv madaniyatining yuksakligini ko‘rsatadi.
Qoraqalpog‘istonning Ellikqala tumanidan Tuproqqala xarobalaridan topilgan III-IV asrlarga taalluqli hujjatlar kompleksi fanga 1930 yillar oxirida ma’lum bo‘ldi. Zarafshon daryosining yuqori qismida sug‘d hujjatlarining ulkan arxivi topilgan. Tarix fanida bu arxiv “Mug‘ tog‘i sug‘d hujjatlari” nomi bilan ataladi.
Arablar bosqinidan keyin devonxona ish yuritish va arxivlashtirish ishlari yanada rivojlandi hamda kengaydi. Ayniqsa, ma’muriy-xo‘jalik tizimi rivojlangan somoniylar davlatidagi davlat boshqaruvini alohida ko‘rsatish joiz. O‘z navbatida bu mahkama hujjatchilik ishining yanada rivojiga olib keldi. Jumladan, somoniylar davriga oid vaqf hujjatlari arxiv-chilikning yorqin nishonasi deb baholanishi mumkin.
O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlarda devonxona ish yuritishi va arxivlashtirish ishi keng tarqalgan. Mazkur qo‘llanmada Buxoroda Boxarziy vaqflari, Jo‘ybor shayxlari arxivi, Buxoro amirligining Qushbegi arxivi, Xiva xonligining Qozilik arxivi, Turkiston general-gubernatorligi arxivi va boshqa arxivlar qamrab olinadi.
Tashkilotlarda hujjatlarni saqlash va arxivlashtirish ishiga sobiq sho‘rolar davrida katta ahamiyat berilgan. Mustaqillik sharoitida, ya’ni 1999 yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan “Arxivlar to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinganligi munosabati bilan Respublika arxiv ishida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Ushbu qo‘llanma uzoq o‘tmishdan to hozirgacha davlatchilik bosqichlarida ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning hujjatlarda qayd etilishi, mahkamachilik tarixini, hujjatchilik madaniyatini o‘rganish uchun xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Fanni o‘qitishdan maqsad – talabalarda Sharqda, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida arxivshunoslik va arxiv ishining yo‘lga qo‘yilishi masalalari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malaka shakllantirishdir.
Fanning vazifasi – talabalarga Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlat tashkilotlarida devonxona ish yuritishi va arxivlashtirishning tarixini yoritish; devonxona va arxiv ishining taraqqiyot dinamikasini o‘rganish va tahlil qilish; davlatchilik jarayonlari rivojida arxivshu-noslikning ahamiyatini ko‘rsatib berishdir.
Mazkur o‘quv qo‘llanmasi kirish, uch bo‘lim, 10 paragraf, adabiyotlar ro‘yxati, glossariy, ilovalar va testlardan iborat.